Uzswlu Information resource center
REKTOR AXBOROT-RESURS MARKAZI FAOLIYATI BILAN TANISHDI

REKTOR AXBOROT-RESURS MARKAZI FAOLIYATI BILAN TANISHDI
REKTOR AXBOROT-RESURS MARKAZI FAOLIYATI BILAN TANISHDI
Bugun O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Ilxomjon Tuxtasinov universitet Axborot-resurs markazining asosiy binosiga tashrif buyurib, markaz faoliyati hamda talabalarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar bilan yaqindan tanishdi.
Tashrif davomida rektor o‘quv zallarida darsga tayyorgarlik ko‘rayotgan va ilmiy izlanish olib borayotgan talabalar bilan suhbatlashdi. Ular uchun yaratilgan sharoitlar, mavjud adabiyotlar sifati, elektron resurslardan foydalanish imkoniyatlari hamda qo‘shimcha ehtiyojlar yuzasidan fikr almashildi. Talabalar markazda yaratilgan qulay muhit, zamonaviy texnik vositalar va elektron xizmatlar o‘quv jarayonida muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladilar.
Rektor Axborot-resurs markazi faoliyatini yanada takomillashtirish, kitob fondini boyitish, zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish hamda talabalar uchun qulay va innovatsion muhitni mustahkamlash bo‘yicha mas’ullarga tegishli tavsiyalar berdi.
Ma’lumot uchun:
Universitet Axborot-resurs markazi tarkibida 4 ta xizmat ko‘rsatish abonementi hamda 9 ta — jami 740 o‘rinli ochiq fondli o‘quv zallari mavjud.
Markazda 163 ta zamonaviy kompyuter bilan jihozlangan 5 ta elektron kutubxona faoliyat yuritadi.
Xorijiy tillar bo‘yicha bilim va til ko‘nikmalarini mustahkamlash uchun 2 ta 10 o‘rinli munozara xonalari tashkil etilgan.
Talabalarning ma’naviy va ijodiy o‘sishi uchun 36 o‘rinli anjumanlar zali mavjud bo‘lib, bu yerda uchrashuvlar, taqdimotlar, asar muhokamalari va turli treninglar o‘tkaziladi.
Shuningdek, Koreya Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi elchixonasi hamkorligida tashkil etilgan, 532 nusxadagi adabiyot fondiga ega Korea Corner o‘quv zali faoliyat ko‘rsatmoqda.
Bundan tashqari, 3 ta adabiyotlarni saqlash depozitariylari mavjud bo‘lib, ular zamonaviy yoritish tizimi, mebel jihozlari hamda isitish va sovitish tizimlari bilan ta’minlangan.
Axborot-resurs markazida IRBIS 64 dasturi asosidagi elektron katalog hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan yaratilgan “Yagona elektron kutubxona” platformasi — Unilibrary.uzdan foydalaniladi.
Shuningdek, markazning internet-portali — uzlib.uz orqali foydalanuvchilar masofadan turib elektron resurslardan foydalanish imkoniyatiga ega.