O'ZBEKISTON DAVLAT JAHON TILLARI UNIVERSITETI AXBOROT-RESURS MARKAZIDAN FOYDALANISH QOIDALARI
-
Umumiy qoidalar
1.1. O'zbekiston davlat jahon tillari universiteti axborot-resurs markazidan (keyingi o'rinlarda ARM deb ataladi) foydalanish qoidalari «Ta'lim muassasasining axborot-resurs markazi to'g'risidagi namunaviy Nizom»ga asoslanib ishlab chiqilgan.
1.2. ARM faoliyati demokratiya, insonparvarlik, umumiy foydalanishga qulaylik, umuminsoniy qadriyatlarning ustuvorligi, fuqarolik, shaxsning erkin kamol topishi prinsiplari asosida tashkil etiladi.
1.3. ARMdan foydalanish qoidalari kitobxonlarga xizmat ko'rsatish tartibini, ARM va foydalanuvchilarning huquq va majburiyatlarini belgilaydi.
-
Foydalanuvchilar, ularning huquq, majburiyat va javobgarliklari
2.1. ARM xizmatidan talabalar, o'quvchilar, aspirantlar, professor-o'qituvchilar, ilmiy xodimlar, ishchi-xodimlar, shuningdek mazkur ARM xizmat ko'rsatadigan hududda yashovchi barcha aholi, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar (keyingi o'rinlarda foydalanuvchilar deb ataladi) fuqaroligi, yoshi, ijtimoiy va boshqa jihatlardan qat'i nazar bepul foydalanish huquqiga ega:
-
ARM fondi haqida kataloglar, kartotekalar va boshqa axborot uzatish shakllari orqali to'liq ma'lumot olish;
-
ARM fondidagi istalgan o'quv, ilmiy, davriy, ma'lumotnoma, badiiy adabiyotlarni va boshqa nashrlarni abonement va o'quv zallarida vaqtincha foydalanish uchun olish;
-
Hujjatlarni qidirish va tanlashda, elektron ma'lumotlar bazasidan foydalanishda maslahat va yordam olish;
-
Mintaqa axborot-kutubxona markazlari va boshqa ARMlardan hujjatlarning bosma yoki elektron nusxalarini kutubxonalararo abonement orqali buyurtma qilish va olish;
-
Hujjatlardan foydalanish muddatini belgilangan tartibda uzaytirish;
-
ARM tomonidan o'tkaziladigan axborot-ommaviy tadbirlarda qatnashish;
-
ARMning jamoat kengashiga saylash va saylanish.
2.2. ARM tomonidan ko'rsatiladigan pullik xizmatlar turi va haq miqdori «ARMda mahsulotlar (ishlar, xizmatlar) ishlab chiqarish va sotish to'g'risidagi Nizom», «ARMning pullik abonementi to'g'risidagi Nizom», «ARMdan foydalanish qoidalarini buzganlik uchun iqtisodiy jarimalar to'lash to'g'risidagi Nizom»larga asosan belgilanadi va universitet huquqshunosi bilan kelishilgan holda universitet Ilmiy kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
2.3. Foydalanuvchilarga biryo'la foydalanish uchun beriladigan hujjatlar sonini ARM belgilaydi.
2.4. Foydalanuvchilar ARMdan olingan hujjatlar va boshqa materiallarni ehtiyot qilishlari, belgilangan muddatda qaytarishlari, o'quv zali ochiq fondidagi hujjatlarni joylashtirish tartibini buzmasliklari, kitobxonlik formulyarida qayd etilmagan nashrlarni olib ketmasliklari, hujjatlarning varaqlariga chizmasliklari, ularni bukmasliklari va yirtmasliklari, katalog va kartotekalardagi kartochkalarni sug'urib olmasliklari shart.
2.5. Foydalanuvchi hujjatlarni olishda ularni ko'zdan kechirishi va nuqsonlarni aniqlasa ARM xodimiga ma'lum qilishi lozim; aks holda javobgarlik oxirgi foydalanuvchiga yuklatiladi.
2.6. Foydalanuvchilar kitobxonlik guvohnomalarini boshqa shaxslarga berishi yoki boshqa kitobxon guvohnomasidan foydalanishi mumkin emas; bu qoidani buzganlar ARM xodimlari tomonidan jazolanadi.
2.7. Foydalanuvchilar o'quv yilining oxirida olgan barcha hujjatlarni topshirishlari va yangi o'quv yili boshida qayta ro'yxatdan o'tishlari kerak. Qayta ro'yxatdan o'tmagan foydalanuvchilarga ARM xizmat ko'rsatmaydi.
2.8. Universitetni bitiruvchi talabalar ARMdan olgan hujjatlari va kitobxonlik guvohnomalarini topshirishlari shart.
2.9. ARM fondidan olingan hujjatlar yo'qolsa yoki zararlansa, foydalanuvchilar ularni ayni hujjatlar yoki ARM xodimlari tomonidan teng qimmatli deb hisoblangan boshqa materiallar bilan almashtirishlari yoki qiymatini belgilangan tartibda to'lashlari shart. Zarar qoplanish miqdori ARM mutaxassislari tomonidan amaldagi normativ hujjatlarga muvofiq belgilanadi.
2.10. ARM fondiga zarar yetkazgan foydalanuvchilar qonun hujjatlariga ko'ra moddiy, jinoiy yoki boshqa javobgarlikka tortiladi.
-
ARMning foydalanuvchilarga xizmat ko'rsatish bo'yicha majburiyatlari
3.1. ARM foydalanuvchilarning yuqorida ko'rsatilgan huquqlarini ta'minlaydi.
3.2. ARM majburiyatlari:
-
ARM fondlaridagi hujjatlarni belgilangan tartibda hisobga olish, saqlash;
-
Ma'lumotnoma-bibliografik apparatni, shu jumladan elektron katalogni yuritish;
-
Foydalanuvchilarga ARM ichida va tashqarisidagi barcha axborot resurslaridan foydalanish imkoniyatini ta'minlash;
-
Foydalanuvchilarning ehtiyojlarini o'rganib, to'liq qondirish;
-
Kutubxona-axborot xizmatlarini takomillashtirish;
-
Ommaviy tadbirlarni yuqori saviyada o'tkazish;
-
ARM fondlarini reklama qilish;
-
Hujjatlarning qaytarilishini doimiy nazorat qilish;
-
ARMda foydalanuvchilar uchun qulay sharoitlarni yaratish.
ARM davlat bayramlari va sanitariya kunlarida (har oyning oxirgi kuni) ishlamaydi. Istisno hollarda ARM ish tartibiga o'zgarish kiritilishi mumkin.
Ma'muriyat